Kontent qismiga oʻtish

Ssenariy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ssenariy (italyancha: scenario) — 1) pyesa mazmunining qisqa bayoni, improvizatsiya teatri, tomoshasi, balet spektakllari, ommaviy tomosha va boshqa oʻyinlar yaratiladigan syujet tuzilishi; 2) kino sanʼati va televideniye vositalari yordamida gavdalantirib koʻrsatishga moʻljallangan adabiy asar. Dastlabki filmlarda syujetlar oʻta sodda boʻlib, qogʻozga tushirilmagan, film ijodkorlari ularni oʻz miyasida sakdagan. Keyinroq filmlar mazmuni chuqurlasha borgan sari ssenariy yozishga ehtiyoj tugʻildi. Ovozsiz kino davrida ssenariy shakli rejasxema tarzida boʻlib, suratga olinishi kerak boʻlgan obyektlargina kadrma-kadr belgilanib, qayerdan va qanday suratga olinishi koʻrsatilgan xolos. Ssenariylar „texnik“, „raqamli“, „temir“ nomlari bilan yuritilgan. Suratga olinayotgan voqea nimadan boshlanib nima bilan tugallanishi, aktyor oʻzini qanday tutishi, kadr nimani anglatishi qayd etila boshlagandan soʻnggina kinossenariy adabiyotning alohida janri sifatida kino asariga aylandi. Shunday qilib, XX asr boshlarida ssenariynavis (kinodramaturg) termini paydo boʻldi. Oʻzbek kinosining dastlabki yillarida L.Sayfulina, V. Sobberey, D. Bassaligo, N. Klado va boshqa ssenariychilar yetakchilik qilgan. Birinchi oʻzbek kinossenariychisi S. Xoʻjayev boʻlgan. Oʻzbekistonda ssenariy janrining rivojlanishida kinorejissyor Nabi Gʻoniyevning xizmatlari alohida. E. Hamroyev, A. Sharopovlar ham dastlabki oʻzbek ssenariychilaridan. Keyinchalik K. Yashin, S.Abdulla, A. Qahhor, M. Shayxzoda, T.Toʻla, R. Fayziy, O. Yoqubov, S. Ahmad, S. Abduqahhor, U. Nazarov, F. Musajonov, Sh. Boshbekov, U. Azim, O. Agishev, R. Muhammadjonov, M. Melkumov, K. Yormatov, Sh. Abbosov, Yu. Roziqov va boshqa yetakchi ssenariychilardan.