Kontent qismiga oʻtish

Aloqa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Aloqa – turli vositalar yordamida axborotlarni uzatish va qabul qilish; xalq xoʻjaligining pochta, telefon, telegraf, radio, televideniye va boshqa orqali axborotlarni uzatish va qabul qilishni (pochta orqali buyumlar yuborishni ham) taʼminlaydigan tarmogʻi. Aloqa jamiyatning ishlab chiqarish-xoʻjalik faoliyatida, davlat, qurolli kuchlar va jami transport turlarini boshqarishda, shuningdek aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirishda muhim ahamiyatga ega.

Qadimda xabarlar bir manzildan ikkinchisiga choparlar, kabutarlar yordamida yetkazilgan, ularni uzatishda shartli signallar – gulxanlar, chiroqlar, har xil ovoz chiqaruvchi asboblar qoʻllangan. Keyinchalik xabarlar yozma holda joʻnatiladigan boʻldi, natijada pochta aloqasi paydo boʻldi. Sanoat va savdo taraqqiyotining jadal sur’atlari axborotlarni tez yetkazishga imkoniyat yaratadigan yangi Aloqa usullariga katta ehtiyojni yuzaga keltirdi. XVIII asr oxirida optik aloqa paydo boʻldi, XIX asrda axborotlarni sim orqali katta tezlikda uzatishning elektr usullari kashf etildi. 1832-yilda P. L. Shilling elektr telegrafi yaratdi. 1837-yilda Samuel Morse elektromagnit telegraf apparatini, 1876-yilda aloqa Alexander Graham Bell telefonni kashf etdi. Aloqa taraqqiyotida navbatdagi eng muhim bosqich – aloqa S. Popov tomonidan simsiz aloqa – radioaloqaning yaratilishi boʻldi. Shundan soʻng aloqa vositalarining texnika taraqqiyoti tez sur’atlarda bordi, axborotlarni ishonchli va tez uzatishi, quvvati va liniyalari soni jihatidan katta ustunlikka ega boʻlgan yangi tizimlar paydo boʻldi va keng qoʻllanila boshladi. XX asrning 60–70-yillarida aloqa vositalarining kosmik (Yerning sunʼiy yoʻldoshlari orqali) tizimlari yaratildi. Qoʻllaniladigan texnika vositalari xarakteriga koʻra aloqa pochta aloqasi va elektr aloqasiga boʻlinadi. Hozirgi davrda aloqa barcha mamlakatlarda iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Aksariyat rivojlangan mamlakatlarda aloqani rivojlantirish ishlariga yetarli hajmda mablagʻlar sarflanadi. XX asrning 90-yillarida Oʻzbekistonda rivojlangan aloqa korxonalari aholiga hamda xalq xoʻjaligiga pochta, telegraf hamda mahalliy, shaharlararo, xalqaro telefon aloqa xizmati koʻrsatadi, shuningdek respublikada radioaloqa, radioeshittirish va televideniyeni texnika vositalari bilan taʼminlaydi. Respublikaning aloqa majmuasi pochta, matbuottarqatish, uyali (radiotelefon) aloqa, elektr aloqa, kosmik yoʻldoshlar orqali aloqa turlarini qamraydi. Oʻzbekiston Respublikasida idoraviy ichki aloqa tarmoqlari (ayrim vazirliklar, tashkilotlar hamda shaxta, zavod, xoʻjaliklarning bevosita oʻziga qarashli aloqa vositalari) ham mavjud. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayonida milliy telekommunikasiya tarmogʻini rivojlantirish va uni mustaqil boshqarish muhim vazifaga aylandi. 1992-yil 13-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasining „Aloqa toʻgʻrisida“ qonuni qabul qilindi. Pochta aloqasi, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar sohasida boshqaruvni yanada takommillashtirish maqsadlarida 1997-yil 23-iyunda respublika Aloqa vazirligi Pochta va telekommunikatsiyalar Agentligiga aylantirildi. Agentlik tarkibida aloqaning ishlab chiqarish-xoʻjalik, texnologik masalalari bilan shugʻullanadigan „Mahalliy telekom“, „Xalqaro telekom“ aksiyadorlik kompaniyalari hamda „Oʻzbekiston pochtasi“ davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tashkil etildi. Aloqa korxonalari uchun muhandislar 5 ixtisoslik boʻyicha Toshkent elektrotexnika aloqa instituti (1955) va uning Termiz filiali (1991)da, texniklar Toshkent aloqa kolleji (1991; 1930–1940-yillarda Oʻrta Osiyo aloqa texnikumi: 1940–1991-yillarda Toshkent aloqa politexnikumi), Nukus politexnikumining aloqa boʻlimida tayyorlanadi. 1992-yili Oʻzbekiston Xalqaro elektr-aloqa ittifoqiga aʼzo boʻlib kirdi. Bu esa Oʻzbekistonning telekommunikatsiya sohasida xalqaro hamkorlik qilishi uchun keng yoʻl ochdi. Oʻzbekistonda aloqa tarmogʻini jahon andozalariga javob beradigan darajaga koʻtarish uchun Xalqaro elektr aloqa ittifoqi muntazam koʻmak berib kelmoqda. 1992-2000-yillarda AQSh, Yaponiya, Germaniya, Indoneziya, Italiya, Malayziya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Xitoy mamlakatlaridagi yetakchi firmalar bilan Oʻzbekistonda elektr aloqa tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha xalqaro hamkorlik yaxshi samara berdi.