Kontent qismiga oʻtish

Moliyaviy piramida

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sergey Mavrodi tashkil etgan mashhur MMM moliyaviy piramidasi logotipi

Moliyaviy piramida (Ponzi sxemasi) firibgarlik turi boʻlib, unga koʻra avvalgi investorga vaʼda qilingan daromad yangi kelgan investorlar mablagʻi hisobidan toʻlab beriladi. Moliyaviy piramidada jabrlanuvchilar („investorlar“) kelayotgan foyda boshqa investorlar hisobidan emas, balki qonuniy tijoriy operatsiyalardan (masalan, omadli investitsiyalar, tovar sotuvi) keladi deb oʻylashadi. Yangi investorlar oʻz mablagʻini ishonib topshirishi, investorlarning bir vaqtda oʻz mablagʻini qaytarib olish talabi bilan chiqmasligi va qalbaki hisobotlar omadli investitsion kompaniya haqida illyuziyani paydo qiladi. Moliyaviy piramida asoschilari yangi aʼzolarga noreal darajada yuqori foizli daromadlarni taklif qilishadi. Vaholanki, bunday foizli daromadlarni uzoq muddatda taʼminlab boʻlmaydi yoki bu faoliyat yuqori riskka ega boʻladi. Aynan yolgʻon vaʼdalar, maʼlumotlarni qalbakilashtirish elementlari mavjudligi sababli, moliyaviy piramidalar firibgarlik hisoblanadi. Investorlardan yigʻilgan mablagʻlar likvid aktivlarni sotib olishga yoʻnaltirilmaydi, balki darhol oldingi ishtirokchilarga toʻlovlar, loyiha reklamasi va tashkilotchilarning oʻz ehtiyojlari uchun sarflanadi. Moliyaviy piramida va haqiqiy biznes loyihasi oʻrtasidagi asosiy farq — daromad toʻlash manbai hisoblanadi. Charles Ponzi tarixdagi eng katta moliyaviy piramidalarning biriga asos solganligi sababli, moliyaviy piramida „Ponzi sxemasi“ deb ham yuritiladi. Bozordagi baʼzi iqtisodiy pufaklar bir guruh shaxslarning koʻproq daromad olish maqsadidagi chayqovchilik va maʼlumotlarni qalbakilashtirish faoliyati orqali paydo boʻlsa-da, iqtisodiy pufaklarning barchasi ham moliyaviy piramida hisoblanmaydi. Piramida sxemasining yakuniy maqsadi noqonuniy tarzda daromad olish hisoblansa-da, jarayon jihatidan Ponzi sxemasidan farq qiladi.

Lola vasvasasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1636-1637-yillarda Gollandiyada lola piyozi savdosi avj oldi[1]. Noyob, rang-barang navlarning narxi 1620-yillarning boshlarida bir bosh piyoz uchun minglab guldenga yetdi, ammo 1630-yillarning oʻrtalariga qadar bu gul yetishtiruvchilar va boylarning tor doirasidagi savdosi edi[2]. 1636-yilning yozida chayqovchilar lolalarning fyuchers savdosiga qoʻshildilar. Olti oylik ajiotaj savdoda nodir navlarning narxi bir necha oʻn barobarga oshdi va 1636-yil noyabr oyida oddiy, arzon navlar uchun spekulyativ narx oʻsishi boshlandi. 1637-yil fevral oyida lola sotuvchilari oʻz lolalarini yuqoriroq narxda sotib oluvchi xaridorlarni ortiq topib boʻlmasligini angladilar. Sotuvchilar ommaviy ravishda oʻz ixtiyorlaridagi lolalarni sota boshladilar, shu sababli lola bozoridagi narxlar keskin pasayib ketdi — iqtisodiy pufak yorildi[3]. Oqibatda kafolatlanmagan lola shartnomalari sotuvchilari va xaridorlar oʻrtasida koʻp yillik sud ishlari boshlandi. Lola vasvasasi iqtisodiy pufaklarning yorqin misoli boʻlsa-da, uni moliyaviy piramida deb ham yuritishadi[4][5].

Ponzi piramidasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Charles Ponzi.1920 yil

AQShda birinchi „piramida“ Italiyadan kelgan muhojir Charles Ponzi tomonidan yaratilgan[6][7]. 1919-yil avgust oyida ispan tadbirkori Charlesga maktub orqali „International reply coupon“ni (xalqaro javob qaytarish kuponi) yubordi. Kupondan foydalanish tafsilotlarini aniqlagandan soʻng, Ponzi valyuta kurslari nisbati sababli Yevropaning bir qator mamlakatlarida sotib olingan kuponlarni AQShda foydali narxda qayta sotish imkonini berishini aniqladi. Ponzi „The Securities and Exchange Company“ni (SXC) tashkil etdi va bir nechta investorlarni oddiy veksel evaziga oʻzi taklif qilgan firibgarlikni moliyalashtirishga koʻndirib, ularga transatlantik savdodan 45 kun ichida 50 foiz yoki 90 kun ichida 100 foiz foyda olishni vaʼda qildi[8]. Bu xabardan soʻng Ponziga pul beruvchilar sezilarli darajada oshib ketdi. Aslida, Ponzi kupon sotib olmoqchi emas edi. Gap shundaki, xalqaro javob kuponini naqd pulga emas, faqatgina pochta markalariga almashtirish mumkin edi, yaʼni kuponlar chayqovchilik vositasi hisoblanmas edi[9]. Bu maʼlumot sir emas edi — istalgan odam bu haqida bilishi mumkin edi. Biroq, 1920-yil iyuliga kelib, Ponzi oʻz veksellarini kuniga 250 000 dollargacha sotardi. Bu shov-shuv matbuot tomonidan chop etilgan toʻlovlar tufayli ham kuchayib ketdi (ayniqsa, Boston Post tomonidan)[10][11].

Post Magazine jurnalida chop etilgan maqoladan soʻng piramida quladi. Maqolada Ponzi kompaniyasiga kiritilgan investitsiyalarni qoplash uchun muomalada 160 million kupon boʻlishi kerak edi, lekin oʻsha yillarda dunyo boʻylab atigi 27 ming kupon bor edi[12]. 1920-yil 10-avgustda kompaniyani yopish va uning ichki buxgalteriya hisobini koʻrib chiqishda federal agentlar SXC umuman investitsiya qilmaganligini, shunchaki veksellarni sotishdan tushgan mablagʻlardan veksel foizlarini toʻlaganligini aniqladilar. Investorlar uchun pulning bir qismi topildi va qaytarildi. Ularning har biri oʻrtacha hisobda veksel nominal qiymatining qariyb 37 foizini oldi[13].

Ponzi hibsga olinib, AQSh Federal pochta xizmatiga qarshi firibgarlikda ayblandi va qamoqqa olindi. Umuman olganda, u 17 mingdan ortiq odamni aldashga muvaffaq boʻldi. 1924-yilda chuv tushirilgan mijozlarning bir qismi Charles Ponzining qolgan boyligiga daʼvo qilib AQSh Oliy sudiga ariza yoʻllashdi. Tergov jarayonida bosh sudya William Howard Taft, Ponzi oʻzining „markali“ tashkilotini atigi 150 dollar bilan boshlaganini aniqladi[14]. Investorlar yoʻqotishi taxminan 15 mln. dollarga teng edi[7]. Ponzi qilgan jinoyatlari uchun 14 yil umrini qamoqda oʻtkazdi[15]. Ponzi biznesi vaqtida ham, firibgarlikda ayblanib qoʻlga tushganida ham OAV tomonidan keng yoritiladi. Shu sababli, moliyaviy piramidalar Ponzi sxemasi deb ham yuritiladi[16].

Boshqa holatlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Birinchi qayd etilgan Ponzi sxemasiga mos firibgarliklar 1869—1872-yillarda Germaniyada Adele Spitzeder tomonidan[17], 1880-yillarda AQShda esa Sarah Howelarning „Ayollar depoziti“ sxemasi orqali sodir etilgan. Howe faqat ayol mijozlar uchun oyiga 8 foizli omonatni vaʼda qiladi, keyin esa ulardan olgan pullarini oʻzlashtiradi. Oxir-oqibat u qoʻlga tushadi va 3 yilga ozodlikdan mahrum etiladi[18]. Charles Dickensning „Martin Chuzzlewit“(1844) va „Little Dorrit“ (1857) asarlarida ham shu sxema elementlari mavjud[19].

Odatda moliyaviy piramidalarga qoʻshilish uchun dastlabki investitsiyalar talab qilinadi, evaziga esa katta foizli foyda vaʼda qilinadi (minimal riskli oʻrtacha omonat stavkasidan 3-4 barobar yoki undan ortiqroq foyda)[20]. Ular mashhur, ammo umumiy va aniq boʻlmagan „xedjerlangan fyuchersli savdo“, „katta daromadli investitsion loyihalar“ yoki ofshor investitsiyalarni taklif qilishadi. Yetarli bilimga ega boʻlmagan investor bu gaplarga ishonadi. Operator mijoz bilan aloqada koʻpincha mijozning moliyaviy bilim savodxonligi pastligidan (yoki umuman bilim darajasi yetarli emasligi) foydalanadi. Mijoz sxema haqida maʼlumot olmoqchi boʻlganida esa operator bu maxfiy investorlik strategiyasi ekanligiga ishontirishga urinadi[21]. Ponzi sxemasida asosan „Polga foydasini berish uchun Piterni chuv tushir“[22] sxemasidan foydalaniladi. Koʻproq investorlar yigʻilganida piramida harakatga kela boshlaydi. Piramida yaratuvchi dastlabki investorlarga yangi kelgan investorlari hisobidan „foyda“ toʻlaydi. Katta foiz stavkasi orqali investorlar ham oʻz pullarini olishga shoshilishmaydi, oqibatda sxema yaratuvchisi koʻp daromad sarflamaydi. Oqibatda, operator shunchaki qancha pul ishlab topganini koʻrsatib mijozni ishontirishga urinadi[23]. Ponzi sxemasidagi investorlar mablagʻlarini qaytarib olishda muammoga duch kelishlari mumkin. Operatorlar mijozlarga pullarini maʼlum muddat olmaslik evaziga yanada katta foizli foydani taklif qilishadi[24]. Agar bir nechta investorlar shuncha takliflarga qaramay, oʻz pullarini olishni qatʼiyan talab qilsalar, ularga oʻsha pullar toʻlab beriladi. Shu orqali piramidaning toʻlovga qobiliyatliligi haqida savollar yoʻqoladi, bu joriy investorlar ishonchsizligini yoʻqotadi va yangi investorlarni jalb etadi (hatto pullarni olgan investorlar qaytib pullarini tikishlari mumkin). Baʼzida qonuniy moliyaviy tashkilot sifatida faoliyatini boshlaganlar keyinchalik kutilmaganda pullarni yoʻqotish yoki kutilayotgan foydani qonuniy tarzda qaytarib olmaslik oqibatida osongina moliyaviy piramidaga aylanishlari mumkin. Operatorlar ishonchni oqlamaganliklarini aytish oʻrniga yolgʻon koʻrsatkichlarga ega hisobotlar yaratishi yoki auditorlik hisobotini soxtalashtirishi moliyaviy piramida boʻlish uchun yetarli sabab hisoblanadi[25]. Moliyaviy bilimga ega insonlarni aldash uchun qonuniy moliyaviy vositalardan foydalanish holatlari ham boʻlgan. Masalan, Allen Stanford depozit sertifikatlari yordamida oʻn minglab insonlarni aldagan. Vaholanki, depozit sertifikatlari past riskka ega ishonchli moliyaviy vosita hisoblanadi. Ammo Allen Stanfordning depozit sertifikatlari qalbaki edi[26][27].

Nazariy jihatdan hedj fondlar Ponzi sxemasi orqali „muvaffaqiyatga erishishlari“ mumkin. Yaʼni, katta riskka ega investitsion loyihani amalga oshirgach, kompaniya oʻz moliyaviy hisobini „toʻgʻirlashi“ mumkin. Bundan tashqari bankrot boʻlishi va jinoiy javobgarlikka tortilishi aniq boʻlgan fond oʻzining jinoiy izlarini yoʻqotish maqsadidagi qoʻshimcha noqonuniy moliyaviy faoliyatni „qoʻshimcha kichik risk“ sifatida koʻrishi mumkin (masalan, insayderlik savdosi). Ayniqsa, hedj fondlar boshqa shakldagi investitsion vositalardan ancha yumshoqroq nazorat qilinishi (masalan, Mutual Fund) sababli, agar aniq koʻrsatilgan noqonuniy harakat yoki dalilga ega shaxs boʻlmasa, hisobotning oʻzida xatolikni aniqlash ancha qiyin kechadi[28]. Agar moliyaviy piramida faoliyati davlat tomonidan toʻxtatilmasa, u quyidagi sabablar yoki ulardan biri tufayli inqirozga uchraydi[29][30]:

  1. Tashkilotchi barcha pulni olib qochib ketadi. „Muvaffaqiyatli“ moliyaviy piramidada toʻlanishi kerak boʻlgan daromadlar kutilayotgan investitsiyalardan baland boʻlganida tashkilotchilar piramidani qulatishadi[31]. Chunki, aynan shu vaqt daromad maksimal boʻladi.
  2. Agar „mijozlar“ birlashgan holda tashkilotchilardan pullarni talab qilsalar yoki tashkilotchilar risk yuqori holatda ham yana yangi mijozlarni kutsalar, bu oxir oqibat oʻz pullarini talab qiluvchi koʻp sonli mijozlar paydo boʻlishiga olib keladi.
  3. Tashqi iqtisodiy omillar. Masalan, iqtisodiy inqiroz, shov-shuvli xabarlar tarqalishi 2008-yilgi moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davrida Madoffning investitsion mojarosi) mijozlarning oʻz pullarini bir qismini yoki barcha investitsiyalarini muddatidan oldin qaytarib olishga undaydi. Bunday omillar hattoki, qonuniy bank faoliyatini bankrotlikka olib keladi (bank run), Ponzi sxemasini esa yanada tezroq inqirozga boshlaydi[32]. Odatda yuqoridagi holatlar ikkitasi birga sodir boʻlishi mumkin. Masalan, politsiyaning kompaniyaning qonuniy faoliyati boʻyicha tekshiruvi, imkoni boricha uzoq faoliyat koʻrishga intilgan tashkilotchilarning tezroq juftakni rostlash istagi paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Oqibatda moliyaviy piramida ancha tez vaqtda qulaydi.

Huquqiy nuqtai nazardan moliyaviy piramida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Moliyaviy piramida va firibgarlik

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻpincha „moliyaviy piramida“ „firibgarlik“ ning sinonimi sifatida talqin qilinadi. Biroq, amalda, piramida sxemasi firibgarlik boʻlmasligi mumkin. MMM-2011 piramida sxemasini tashkil etgani uchun Sergey Mavrodini jinoiy javobgarlikka tortishga urinishlar tarixi bunga yorqin misol boʻldi. Ular hech qanday firibgarlikda emas, faqat noqonuniy tadbirkorlikka sheriklik vajlari bilan jinoiy ish qoʻzgʻatishlari mumkin edi[33].

Oʻzbekiston Respublikasida jinoiy javobgarlik

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston respublikasida moliyaviy piramidaga aloqador shaxslar Jinoyat kodeksining 188¹-moddasi „Pul mablagʻlarini va (yoki) boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat“ga koʻra eng ogʻir hollarda oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi[34].

Moliyaviy piramidani tan olish muammosi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Piramidalar qonunchilikdagi kamchiliklardan foydalanadi, shu sababli piramida qulashidan oldin aniqlash qiyin. Agar firibgarlik yoʻli bilan mablagʻlarni oʻzlashtirish niyati aniq boʻlsa ham, qurbonlar har doim ham shunday deb tan olmasligi mumkin. Agar firibgar yigʻilgan pulni oʻzlashtirilmaganligini, balki toʻlovlarga ketganligini isbotlasa, jinoiy javobgarlikka tortilmasligi mumkin. Buni isbotlash uchun piramida tashkilotchisining omonatchilar puliga sotib olingan shaxsiy mulkini topish kerak, bu esa amalda juda qiyin[35].

Moliyaviy piramidaning asosiy belgilari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Quyida moliyaviy piramidalarning asosiy belgilari keltirilgan[36][37][38][39][40]:

  • Piramida aʼzolariga amalga oshirilgan toʻlovlarning savdo hajmi bilan bogʻliq emasligi.
  • Moliya bozori uchun oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori boʻlgan daromad darajasi bilan foizlarni toʻlashni (yoki sarflangan mablagʻlarga koʻra daromadning boshqa turlari orqali) vaʼda qiladigan reklama mavjudligi[41]. Koʻpincha, ular nisbatan juda yuqori daromad bilan risk boʻlmasligini kafolatlaydilar[42]. Maʼlumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasida 2022-yilning may oyida maksimal „adolatli“ stavka 26 foizdan oshmaydi, kam hollarda yiliga 27 foiz; odatda kamroq[43][44][45][46].
  • Kompaniya menejerlarining eʼtibori faqat PRga qaratilganligi. Mahoratli sotuvchilar, shov-shuvli taqdimotlar, yuqori sifatli veb-saytlar, reklama joʻnatmalarining asosiy vazifasi — aksiyadorlarga qanchalik omadli ekanliklari va qancha pul ishlashlari mumkinligini namoyish etish hisoblanadi. U mustaqil manbalardan olingan maʼlumotlar asosida tekshirilishi mumkin boʻlgan aniq maʼlumotlarni taqdim etmaydi. Koʻpincha bu salbiy izohlarga ega maʼlumotlarni tarqatmaslik strategiyasining bir qismi sifatida taqdim etiladi: „Hozirda biz sizga barcha sirlarni oshkor qila olmaymiz, bu maʼlumotlar maxfiydir“. Aslida, qonuniy investitsiya kompaniyasi yoki jamgʻarmasi oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi yillik balanslar, moliyaviy hisobotlar, tranzaksiya hisobotlari va boshqa maʼlumotlarni oʻz faoliyatining birinchi kunidan boshlab taqdim etishi shart. Agar fond aksiyadorlar nomidan fond birjasida operatsiyalarni amalga oshirsa, u barcha maʼlumotlarni ham taqdim etishi kerak — aktivlarda qaysi kompaniyalarning ulushi borligi, ularning rentabelligi qanday va hokazo. Ushbu maʼlumotlar oshkor qilingan hujjatlar asosida tekshirilishi mumkin va sir deb eʼlon qilinishi mumkin emas.
  • Forex, Stocks, Fyuchers, Treyding kabi maxsus atamalardan foydalanish. Bu atamalar noprofessional uchun tushunarsiz boʻlishi mumkin.
  • Investitsiya qilingan pullarni koʻplab mamlakatlar boʻylab koʻchirilishi (Rossiyada ular pulni olishadi, Shveytsariyada sugʻurta qilinadi, AQShda esa aksiyalarni sotib olinadi). Natijada, pullarni kuzatish, nazorat qilish va qaytarib olish imkoniyati yoʻqoladi.
  • Tashkilotchilar va koordinatorlarning anonimligi.
  • Dastlabki ishtirok uchun katta boʻlgan, ammo keng doiradagi odamlar qurbi yetuvchi toʻlov summasini belgilash (masalan, 300—500 dollar). Bu sud organlariga murojaat qilmasdan, bunday mablagʻlarning yoʻqolishi bilan osongina murosaga keladigan keng ommani qamrab olish imkonini beradi.
  • Ofis xonasi, rasmiy roʻyxatga olinganlik hujjati, nizom, mamlakatda faoliyat yuritish uchun ruxsatning yoʻqligi.
  • Amerika Qoʻshma Shtatlarida jamgʻarma faoliyatini amalga oshirishda fond aksiyadorlarining Amerika soliq toʻlovchilari sifatida roʻyxatdan oʻtmaganligi. Bu holatda Amerika soliq tizimida „qimmat va mashaqqatli“ roʻyxatga olish oʻrniga turli xil chetlab oʻtish sxemalarini taklif qilinadi. Bu eng yomon vaziyatda qimmatli qogʻozlar savdosi komissiyasiga murojaat qilishning iloji yoʻqligiga olib keladi[47].
  • Xatarlarni minimallashtirish uchun boshqa davlatda (masalan, Shveytsariyada) fond operatsiyalarini sugʻurtalash. Ikki mamlakat odatda moliyaviy-iqtisodiy qonunlar va amaliyotlar boʻyicha bir-biridan farq qilganligi sababli, turli xil bir-biriga zid qonunlarning qoʻllanilishiga olib kelishi mumkin. Bunday holat AQSh soliq organlari tomonidan mablagʻlarni soliqqa tortishdan yashirishga urinish sifatida baholanadi[48][49][50].

Kriminalist Marie Springer soʻzlariga koʻra moliyaviy piramidalar quyidagi belgilarga ega[51]:

  • Sotuvchi yoki konsultantlar nima qilib boʻlsa-da mijozni koʻndirishga urinadi.
  • Mijoz bilan birinchi aloqa sarafan reklama, tasodifiy qoʻngʻiroq yoki diniy radioreklama orqali amalga oshiriladi.
  • Mijoz amalga oshirilgan investitsion shartnomalar haqida maʼlumotga ega boʻlmaydi.
  • Mijozlar yuboradigan cheklarni korporatsiya nomidan farqli nomga (masalan, jismoniy shaxs nomiga) yoki korporatsiya manzilidan farq qiluvchi manzilga yuborish soʻraladi.
  • Investitsiyalar boʻyicha toʻlov qilish kerak boʻlganida mijozlar tuzgan shartnomalarni uzaytirishga majbur qilinadi[52].

Piramidalarga misollar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Alban piramidalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Albaniya fuqarolar urushi aynan 1996—1997-yillarda Albaniyada moliyaviy piramidalarning qulashi bilan bogʻliq. Birinchi piramidalar 1991-yilda, kommunistlar hokimiyatdan toʻliq chetlashtirilgan paytda paydo boʻla boshladi. Birinchi piramidani esa Hajdin Sejdia tashkil etgan. Ammo Tirana shahri markazida mehmonxona qurilish ishlari boshlanganidan soʻng millionlab dollarni olib Shveytsariyaga qochib ketadi[53]. 1991-yilda tashkil etilgan moliyaviy piramidalar 1997-yilgacha oʻziga aholining koʻp qismini jalb eta oldi. 1997-yilda piramidalar qulashi va 25 dan ortiq firmalarning bankrot boʻlishi mamlakatni fuqarolar urushi holatiga keltirib qoʻydi. Umumiy hisobda aholidan 1,2 milliard dollar oʻgʻirlashdi[54]. Bu summa Albaniyaning 1996-yilgi YIM ning 37,5 foizini, 1997-yilgi YIMning 53,1 foizini tashkil etadi. Oʻsib kelayotgan Albaniya iqtisodiyoti 1997-yilda 10,9 foizga qisqardi[55] Mamlakatda tugallanmay qolingan qurilishlar va loyihalarning oʻzgartirilishi aholini ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini ogʻirlashtirdi. Hukumat tartibni tiklash va gʻazablangan investorlarni tinchlantirish uchun armiyani jalb qilishga majbur boʻldi. 2000 dan ortiq aholi vafot etdi[56][57]. Aleksandr Meksi boshchiligidagi hukumat isteʼfoga chiqdi[58]. 1997-yildagi Albaniya bosh vazirining iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchisi Fatos Nuno firibgarlik va moliyaviy piramidalarni tuzishda ayblandi va qamoqqa olindi[59][60].

Eng yirik 9 ta moliyaviy piramida

Piramida Kreditorlar
VEFA 59 005
Cenaj 19 078
Kamberi 13 241
Sude 12 991
Beno 10 793
Gjallica 8632
Silva 4490
M.Leka 2464
Global 1793
Umumiy 132 487

Hozirgi vaqtgacha Sharqiy Yevropadagi eng yirik moliyaviy piramida aynan MMM hisoblanadi[61]. Uning qulashi millionlab odamlar uchun falokat boʻldi. 1989-yilda Moskvada yashovchi Sergey Mavrodi akasi va rafiqasi bilan birgalikda MMM kompaniyasiga asos solgan. Kichik bir firma butun Sovet Ittifoqi boʻylab ofis jihozlarini sotar edi. Biznes muvaffaqiyat qozondi va 1990-yillarning boshlarida MMM bozor yetakchisiga aylandi. Biroq, masshtabni kengaytirgandan soʻng, kompaniya qonun bilan bogʻliq muammolarga duch keldi — soliqchilar MMMni soliq toʻlashdan boʻyin tovlashda aybladi. Biznes qilish qiyinlashdi va Mavrodi moliya sektoriga oʻtishga qaror qildi. 1992-yil 3-dekabr sanasida Moskva registratsiya palatasi „MMM-invest“ ochiq shakldagi aksionerlik jamiyati roʻyxatga olindi. 1993-yilda esa „MMM“ qimmatli qogʻozlarni emissiya qilish vakolatini beruvchi hujjatni rasmiylashtirdi. 1994-yil 1-fevraldan boshlab 1 ming nominalga ega dastlabki aksiyalar sotila boshlandi. Aksiyalar sotuvi „Albatta bugun kechagidan qimmatroq“ shiori ostida kechganligi uchun, aksiyalar tezda oʻz xaridorlarini topdi. Rossiya Moliya vazirligi qoʻshimcha aksiyalar emissiyasi ruxsat bermaganligi sababli Mavrodi oʻz rasmi tushirilgan „MMM biletlari“ni chiqara boshladi. 1 biletning narxi 1 aksiyaning 1 foiz qiymatini tashkil etardi. MMM aksiya sotib oladiganlarga yillik 1000 foizlik dividend vaʼda qilardi[62]. Lekin 1994-yil 29-iyul kuni Sergey Mavrodi oʻz aksiyalari narxini 127 barobargacha, dastlabki 1 ming rubl qiymatgacha pasaytirdi. Lekin Mavrodining soʻzlariga koʻra endi aksiya narxi avvalgidan 2 barobarga tezroq oʻsardi. Lekin 1994-yil 4-avgust kuni Moskva soliq inspeksiyasi xodimlari militsiya yordamida „MMM“ markaziy ofisidagi tekshiruvlariga koʻra „soliq qonunchiligini qoʻpol tarzda buzish holatlari topildi“. 4 milliard rubl miqdordagi barcha naqd pullar musodara qilindi[63]. Bu holatdan soʻng 50 ta odam oʻz joniga qasd qilishdi. MMMning oʻz aksionerlari orasidagi qarzdorligi 100 mlrd. rubldan 3 trln. rublgachani tashkil etdi[64]. Mavrodining soʻzlariga koʻra jabrlanganlar 15 million kishini tashkil etgan[65]. „MMM“ ochiq shakldagi aksionerlik jamiyati 1997-yil 22-sentyabrda rasman bankrot deb eʼlon qilindi[66].

Madoff Investment Securities

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Investitsion fond sifatida faoliyat yuritgan tarixdagi eng yirik piramida aynan Madoff Investment Securities hisoblanadi[67][68].  Uning asoschisi Bernie Madoff NASDAQ fond birjasi asoschilaridan biri va xayriya bilan shugʻullanuvchi mashhur kishi hisoblangan. 1960-yilda u Madoff Investment Securitiesga asos soladi. Kompaniya fond birjasida qimmatli qogʻozlarning savdosi bilan shugʻullanar va Wall-streetdagi eng ishonchli investitsiya fondlaridan biri hisoblanardi[69][70]. Madoffning nufuzi baland edi: u millionlab dollarlarni xayriyaga sarflar, kompaniyasi esa fond bozoridagi eng katta TOP-25 kompaniyalardan biri hisoblanar edi. Bundan tashqari u oʻz investorlariga AQSh uchun katta boʻlgan naq 12 foizlik foyda olib kelardi. Madoff Investment Securities investorlari safida dunyodagi katta banklar va mashhur kishilar bor edi[71][72][73]. Ularning bari Madoff insayderlik axborotiga ega, shu sababli shunday foizlarni toʻlay oladi deb oʻylashardi. Lekin, 40 yildan soʻng maʼlum boʻldiki, Madoff avvalgi investorlarga yangi investorlar topshirgan mablagʻlardan foizlar toʻlab kelgan. Xuddi Ponziga oʻxshab. Buni Madoffni oʻgʻillari bilib qolishdi va davlat vakillariga topshirishdi. Eng katta moliyaviy firibgarlik sabab 3 mln. inson zarar koʻrdi, eng kamida 4 kishi vafot etdi. Madoffning bir qancha vakillari va oʻgʻli suiqasd qilishdi[74][75]. Madoff firibgarligi uchun 2009-yilda 150 yilga ozodlikdan mahrum etildi[76][77].

Ahmadboy vasvasasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hozircha Oʻzbekistondagi eng katta piramida tashkil etgan shaxs sifatida Ahmadjon Tursunboyev hisoblanadi. Ahmadjon Tursunboyev Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi „Chinoz halol chorva“ va „Chinoz Avto Hamkor“ korxonalariga asos soladi. U ikki barobar qilib qaytarish vaʼdasi bilan juda katta miqdordagi omonat mablag‘larni milliy va xorijiy valyutada qabul qilish bilan 2006-yildan beri noqonuniy ravishda shug‘ullanadi. Bundan tashqari, u foizlik ustama to‘lash sharti bilan aholiga xorijiy valyutada qarz ham berib keladi. Ahmadboy odamlardan olgan pullarining bir qismini xorijiy davlatlardan turli tovar, moddiy boyliklar olib kelib sotish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarga maʼlum miqdordagi foyda evaziga qarzga berib keladi. U shunday noqonuniy faoliyat bilan 4—5 yil shug‘ullanadi. Noqonuniy ravishda odamlardan olgan pullari evaziga qimmatbaho avtomobillar sotib oladi, Chinoz tumani hududidagi yer maydonida chorvachilik xo‘jaligini tashkil qiladi, o‘z turar joylarida katta miqdordagi xorijiy va milliy valyutadagi naqd pul mablag‘lari va qimmatbaho boyliklarni to‘playdi. Tursunboyev odamlardan pul qabul qilayotganida hech qanday kafolat bermagan, shunday boʻlsa-da odamlar oʻz pullarini topshirishgan. Bu hodisaga sabablardan biri sifatida Oʻzbekistondagi katta yoshdagi kishilarning atigi 21 foizi moliyaviy savodxon hisoblanganligi uchundir[78]. Ahmadboyning noqonuniy faoliyatdan kunlik pul aylanmasi deyarli 4 milliard so‘mni, AQSH dollarida 1 million atrofidagi summani tashkil etadi. Xususan, „Toshkent“ telekanalidagi koʻrsatuvda bu haqida aytiladi: „Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Ahmadjon Tursunboyev va uning yaqin qarindoshlarining uy-joylari va ularga qarashli korxonalarda aytib oʻtilgan tartibda oʻzlashtirilgan 13 milliard 139 million soʻm va 7 million 900 ming AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar borligi aniqlandi va bu pullar qonunda belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, daliliy ashyo sifatida olindi“. 2018-yilning 21-fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida Ahmadboy va uning sheriklariga nisbatan hukm eʼlon qilinadi. Unga ko‘ra, Ahmadboyga 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 13 yil ozodlikdan mahrum qilish va 52 096 000 so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi[79].

Oʻxshash sxemalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Piramida sxemasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Piramida sxemasi — moliyaviy piramidaga oʻxshash boʻlgan, yuqori foyda illyuziyasiga asoslangan sxema hisoblanadi[80]. Piramida sxemasi investitsiyalar, tovarlar yoki xizmatlarni sotish orqali emas, balki sxema ishtirokchilari sonining oʻsishi orqali naqd toʻlovlar yoki boshqa daromad shakllari vaʼdasiga asoslangan biznes modeli. Sxema aʼzolarining soni geometrik progressiya darajasida oʻsib borishi sababli, tez orada yangi kelganlarni jalb qilish imkonsiz boʻlib qoladi va koʻpchilik aʼzolar daromad ololmaydilar. Piramida sxemalari barqaror emas va koʻpincha noqonuniydir. Baʼzi koʻp darajali marketing rejalari piramida sxemalari sifatida tasniflangan[81]. Piramida sxemalarida tashkilotchilar sxemaga qoʻshilishni istagan istovchiladan kirish badalini toʻlashga majbur qilishadi, evaziga esa shular jalb qilgan yangi aʼzolarning badal pulidan maʼlum ulushini vaʼda qilishadi. Yigʻilgan mablagʻlarning bir qismi tashkilotchilarning daromadlari boʻlib, ular biron bir haqiqiy ish bilan shugʻullanadimi yoki yoʻqmi, sxemadan foyda koʻrishadi. Sxemaga aʼzolik yangi kelganlarni jalb qilishni davom ettirish va pulni piramida tepasiga koʻchirish uchun kuchli stimul boʻladi. Bunday tashkilotlar kamdan-kam hollarda real qiymatga ega boʻlgan tovarlar yoki xizmatlarni sotadilar. Ushbu sxema uchun asosiy daromad manbai koʻplab yangi kelganlarni jalb qilish yoki hozirgi aʼzolardan qoʻshimcha toʻlovlarni talab qilishdir. Moliyaviy piramida (Ponzi sxemasi) juda koʻp holatlarda Piramida sxemasi bilan chalkashtiriladi. Lekin baʼzi jihatlarda Piramida sxemasi moliyaviy piramidadan farq qiladi[82]:

  • Ponzi sxemasida tashkilotchi bir vaqtni oʻzida barcha „investorlar“ bilan muloqot qilishga majbur. Piramida sxemasida esa yangi investorlarni chaqirganlar toʻgʻridan toʻgʻri foyda oladi. Odamlarni jalb eta olmaslik piramidani qulatadi[83].
  • Ponzi sxemasi tashkilotchilar qandaydir sehrli investitsion loyihalardan foyda olishini taʼkidlasa, piramida sxemasida yangi aʼzolardan keluvchi pullar dastlabki investorlar uchun foyda manbai ekanligi yashirilmaydi[84].
  • Piramida sxemasi tezroq inqirozga uchraydi, chunki piramida sxemasini barqaror darajada ushlash uchun yangi aʼzolar soni geometrik progressiya darajasida oʻsishi kerak. Ponzi sxemasida yangi investorlar kam sonli boʻlgan taqdirda ham, investorlar pulini qayta tikishga ishontirish orqali uzoqroq vaqt davomida faoliyat yuritish mumkin[85].

Kriptovalyutalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kriptovalyutalar shu paytgacha koʻp firibgarlar tomonidan „Yangi davr moliyaviy piramidalari“ sifatida foydalanilgan. Masalan, kriptovalyutalarni dastlabki joylashtirish „ICO“ usuli[86] (Initial coin offering) Financial Times tomonidan „Aqlli Ponzi usuli“ deb eʼtirof etildi[87]. ICO bilan bogʻliq aniq belgilanmagan qonunlar mavjud emasligi firibgarlarga kriptovalyutalar yordamida moliyaviy piramidalar tuzishni osonlashtirib yubordi. Bundan tashqari kriptovalyutlar bilan bogʻliq operatsiylar ishtirokchilarining anonimligi ularning shaxsini aniqlash va javobgarlikka tortishni ancha qiyinlashtirdi. 2022-yil may oyida 20 foizlik daromad olib keluvchi murakkab tizimga asoslanuvchi TerraUSD WIRED tomonidan Ponzi sxemasi sifatida eʼtirof etildi[88].

Iqtisodiy pufaklar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Iqtisodiy pufaklarning moliyaviy piramidalarga oʻxshash tomoni shundaki, iqtisodiy pufaklarda ham tizim buzilgunga qadar maʼlum bir qatnashuvchi keyingi qatnashuvchi hisobiga daromad oladi. Iqtisodiy pufaklarda ochiq bozordagi tovarlarning narxlari doimiy oshishi (masalan, aksiyalar, koʻchmas mulk, lola piyozlari, kriptovalyuta) talabning oshishiga, talabning oshishi esa mahsulot narxining doimiy oshishiga sabab boʻladi[89]. Iqtisodiy pufaklar koʻpincha „katta ahmoq“ nazariyasiga asoslanadi deb yuritiladi. Nazariyaga koʻra, qimmatli qogʻozlar (yoki istalgan boshqa tovar) bozorida doim foyda koʻrish mumkin, chunki xuddi shu tarzda fikrlovchi xaridor mavjud va u ayni shu aksiyani sotib oladi[90][91][92][93]. Xuddi Ponzi sxemasidek iqtisodiy pufaklarda ham narx tannarxdan ancha baland narxni tashkil etadi, ammo bir qancha oʻzgarishlar mavjud:

  • Koʻpgina iqtisodiy pufaklarda narxlarni ataylab oʻzgartiruvchi shaxslar boʻlmaydi. Faqatgina, narxni „shishirish va tashlash“ guruhi (yaʼni oldindan til biriktirgan xaridorlar va kam likvidlikka ega aksiyalar egalari) mavjud boʻlsa, bu moliyaviy piramida bilan koʻp jihatlarga koʻra oʻxshash hisoblanadi[94][95].
  • Moliyaviy piramidalar deyarli har doim jinoiy javobgarlikka tortilsa, iqtisodiy pufaklarda bu hol deyarli kuzatilmaydi („shishirish va tashlash“ sxemasidan tashqari). Agar qaysidir shaxs oqibatlarini bilib turgan holda ataylab narxni shishirish uchun faktlarni oʻzgartirib koʻrsatsagina, bu qonun buzilishi hisoblanishi mumkin. Lekin shunda ham qonun buzilishini aniqlash qiyindir. Shu sababli pufakning yorilishi kamdan-kam hollarda jinoiy javobgarlikka olib keladi (Lola vasvasasi, Buyuk depressiya, dotkomlar inqirozi va 2008-yilgi moliyaviy-iqtisodiy inqirozda asosiy ishtirokchilardan hech biri zarar koʻrmagan)[96][97].
  • Iqtisodiy pufaklar vaqtida savdo qilinuvchi tovarlar qiymati katta ehtimol bilan bozor narxining asosiy qismini tashkil etadi. Hattoki, pufak yorilganidan soʻng ham koʻchmas mulk, davlat obligatsiyalari singari investitsiya vositalari keyinchalik oʻz qiymatini koʻpaytira oladi[98]. Lekin moliyaviy piramidalar asosidagi tovarlar yoki foydasiz buyum, yoki asl qiymati bozor qiymatidan bir necha barobar kam tovarlar hisoblanadi.
  1. Garber, Peter M. (1990). "Famous First Bubbles". The Journal of Economic Perspectives 4 (2): 35—54. doi:10.1257/jep.4.2.35. https://archive.org/details/sim_journal-of-economic-perspectives_spring-1990_4_2/page/35. 
  2. Kindleberger (2011), p. 115
  3. Mackay, Charles (1841), Memoirs of Extraordinary Popular Delusions and the Madness of Crowds, London: Richard Bentley, 94–95-bet {{citation}}: Text "author-" ignored (yordam)
  4. Bilingsoy, C. A History of Financial Crises: Dreams and Follies of Expectations. Routledge, 2014 — 4—5-bet. ISBN 9781317703815. 
  5. Dash (2010), p. 120
  6. Zuckoff (2005), p. 5—6
  7. 7,0 7,1 „Ponzi Scheme. Britannica“.
  8. Kindleberger (2011), p. 190
  9. „Ponzi Schemes“. US Social Security Administration. 2004-yil 1-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 24-dekabr 2008-yil.
  10. „Boston Post. Ponzi Scheme“.
  11. Zuckoff (2005), p.34—35
  12. „How the Ponzi scam was uncovered? International Banker“.
  13. „Ponzi Scheme“. Investor.gov. U.S. Securities and Exchange Commission. Qaraldi: 9-iyun 2021-yil.
  14. „Ponzi Pyramid. WSJ“.
  15. „Substantive-Consolidation-Issues-Arising-in-Ponzi-Scheme-Bankruptcy-Cases“.
  16. Peck, Sarah (2010), Investment Ethics, John Wiley and Sons, 5-bet, ISBN 978-0-470-43453-6
  17. Nettersheim, Christoph „Die Mutter des Schneeballsystems“, . Schrecklich nette Frauen: 30 kriminell gute Portraits (de). Bucher Verlag, 2011 — 42-bet. ISBN 978-3-7658-1883-7. OCLC 767757034. 
  18. Robb, George (December 2012). "Depicting a Female Fraud: Sarah Howe and the Boston Women's Bank". Nineteenth-Century Contexts 34 (5): 445—459. doi:10.1080/08905495.2012.738086. 
  19. Markopolos, Harry; Casey, Frank (2010), No One Would Listen: A True Financial Thriller, John Wiley and Sons, 50-bet, ISBN 978-0-470-55373-2
  20. „What is a Ponzi scheme?“. Mijiki. Mijiki.com. Qaraldi: 2012-yil 23-iyun.
  21. Wilkins, Anne (2012), Understanding a Ponzi Scheme: Victims’ Perspectives (PDF), Journal of Forensic & Investigative Accounting, 5-bet {{citation}}: Text "Vol.4, Issue 1" ignored (yordam)
  22. Brewer, Ebenezer Cobham. Wordsworth Dictionary of Phrase and Fable. Wordsworth Editions, 2001 — 923—924-bet. ISBN 978-18-402-2310-1. 
  23. Frankel 2012, p. 3-4
  24. „What is pyramid scheme? Investopedia“.
  25. „The Ponzi Scheme in Every Hedge Fund. Time“.
  26. „Stanford Indictment p. 10—11“.
  27. „Allen Stanford. Reuters“.
  28. „Hedge fund activism and internal control weaknesses“.
  29. „Three Reasons Why a Ponzi Scheme Will Always Collapse. Investorclaims.com“.
  30. Lewis (2016) p. 6—7
  31. Lewis (2016) p. 8
  32. Barrell, R.; Davis, E. P. (2008). "The evolution of the financial crisis of 2007—8". National Institute Economic Review 206 (1): 5—14. doi:10.1177/0027950108099838. 
  33. „В Новосибирской области по требованию прокурора возбуждено уголовное дело в отношении организатора пирамиды «МММ 2011» Сергея Мавроди“. 2012-yil 11-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2014-yil 27-iyul.
  34. „Jinoyat kodeksi“.
  35. „Обманываться рад: как устроена «Кэшбери» — самая крупная финансовая пирамида со времен МММ“. 2020-yil 7-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 21-dekabr.
  36. „Pyramid scheme. Investor.gov“.
  37. „Moliyaviy firibgarlikdan saqlanish. Markaziy bank“.
  38. „Ponzi scheme signs. Investor.gov“.
  39. „Ponzi scheme. Moneysmart.gov.au“.
  40. „Ponzi schemes Using virtual Currencies . Security and exchange commission“.
  41. Frankel 2012, p. 22—25
  42. Lewis (2016), p. 28—29
  43. „Omonatlar Spot.uz“.
  44. „Markaziy Bank Iyul oyi o'rtacha foiz stavkalari“. 2022-yil 29-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 29-avgust.
  45. Lewis (2016), p. 30
  46. Springer (2021), p. 129
  47. Springer (2021), p. 297
  48. „Ponzi Schemes and Laundering - How Illicit Funds Are Acquired and Concealed. U.S. Department of Justice“.
  49. „Pyramid Schemes“ (en-us). Federal Bureau of Investigation. Qaraldi: 2019-yil 18-aprel.
  50. Commission, Australian Competition and Consumer „Pyramid schemes“. Australian Competition and Consumer Commission (14-may 2015-yil).
  51. Springer (2021), p. 298—299
  52. Mackenzie, Alexander I. (2005). "Almost certain loss: the psychology of pyramid schemes". UC Research Repository: 20—22. doi:10.26021/7352. 
  53. Andrew Gumbel Lushnje.. „Albanian 'financiers' fail to play the game | World | News“ (1997-yil 6-fevral). Qaraldi: 2016-yil 10-fevral.
  54. „Finance & Development, March 2000 - The Rise and Fall of Albania's Pyramid Schemes“. Imf.org (2000-yil 1-mart). Qaraldi: 2016-yil 10-fevral.
  55. „Albania GDP“.
  56. Jarvis, Christopher „The Rise and Fall of Albania's Pyramid Schemes“ (2000-yil mart).
  57. „Crisis in Albania“. Public Broadcasting Service. 2013-yil 30-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 23-avgust 2017-yil.
  58. Jeffries (1996), p. 379
  59. Jeffries (1996), p. 380
  60. Rexhina Nano. Të jetosh kohën. Botimet DUDAJ, 2008 — 123—124-bet. ISBN 978-99943-0-045-7. 
  61. „Jailed For Not Paying A Fine, Ponzi Scheme Founder Plots 'Financial Apocalypse'“. RadioFreeEurope/RadioLiberty. Qaraldi: 2017-yil 24-fevral.
  62. https://www.bbc.com/russian/business/2011/01/110111_financial_pyramids_history
  63. „Интервью Сергея Мавроди газете «Деловой Петербург»“. 2010-yil 5-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 30-aprel.
  64. „Mavrodi Charged, Could Face 7 Years in Jail“. The Moscow Times (1994-yil 16-avgust). 2017-yil 3-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 3-dekabr.
  65. „Сергей Мавроди. "В гостях у Дмитрия Гордона". 1/2 (2010)“. 2020-yil 3-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 19-aprel.
  66. https://www.bbc.com/russian/russia/2012/05/120531_mavrodi_mmm_new
  67. Bray, Chad. „Madoff Pleads Guilty to Massive Fraud“. The Wall Street Journal. Dow Jones, Inc (2009-yil 12-mart). Qaraldi: 2015-yil 16-oktyabr.
  68. „Biggest Fraud in History $50 billion Madoff Ponzi Scheme“ (2008-yil 13-dekabr).
  69. Smith, Randall.. „Wall Street Mystery Features a Big Board Rival“ (1992-yil 16-dekabr).
  70. „The Owner's Name is on the Door“. Madoff.com. 2008-yil 14-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2008-yil 11-dekabr.
  71. Fleury, Michelle. „Business | Madoff victims count their losses“. BBC News (2009-yil 19-fevral). Qaraldi: 2009-yil 26-aprel.
  72. „WSJ: Madoff Client List“. The Wall Street Journal.
  73. Chew, Robert (February 5, 2009). „The Bernie Madoff Client List Is Made Public“. TIME. February 7, 2009da asl nusxadan arxivlandi. Qaraldi: April 26, 2009.
  74. [1] (Wayback Machine saytida 2022-06-05 sanasida arxivlangan). The Guardian, December 11, 2010
  75. „Estates of Madoff’s dead sons reach $23 million U.S. settlement“. 2020-yil 21-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 28-may.
  76. „Prosecutors' sentencing recommendation“. Usdoj.gov. Qaraldi: 2021-yil 14-aprel.
  77. Henriques, Diana B.. „U.S. Proposes 150 Years for Madoff“ (en-US). The New York Times (2009-yil 27-iyun). Qaraldi: 2022-yil 13-iyul.
  78. „What is the Financial Literacy Rates Around the World?“.
  79. „Ahmadboy moliyaviy piramidasi. Daryo.uz“.
  80. „What Is a Pyramid Scheme? Investopedia“.
  81. Smith, Rodney K.. Multilevel Marketing. Baker Publishing Group, 1984 — 45-bet. ISBN 0-8010-8243-9. 
  82. „Ponzi Schemes – Frequently Asked Questions“. U.S Securities and Exchange Commission. U. S. Securities and Exchange Commission. 26-iyun 2012-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 23-iyun 2012-yil.
  83. „Pyramid Schemes. Investor.gov“.
  84. Coenen, Tracy. Expert Fraud Investigation: A Step-by-Step Guide. Wiley, 2009 — 168-bet. ISBN 978-0-470-38796-2. 
  85. Nolasco, Claire (2013), Revisiting the choice model of Ponzi and Pyramid schemes: Analysis of case law, Crime Law and Social Change, 13–14-bet, doi:10.1007/s10611-013-9456-8
  86. Morris, David Z.. „The Rise of Cryptocurrency Ponzi Schemes“ (en-US). The Atlantic. Qaraldi: 2017-yil 28-iyun.
  87. Kaminska, Izabella „It's not just a Ponzi, it's a 'smart' Ponzi“ (en). FT Alphaville (2017-yil 1-iyun). Qaraldi: 2017-yil 20-iyul.
  88. Volpicelli, Gian M. „Terra's Crypto Meltdown Was Inevitable“. Wired — www.wired.com.
  89. Kindleberger (2011), p. 275
  90. „Greater Fool Theory Definition - What is Greater Fool Theory?“. Investorglossary.com. 2015-yil 2-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 6-mart.
  91. „What is greater fool theory? definition and meaning“. Businessdictionary.com. 2007-yil 23-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 6-mart.
  92. Fox, Justin „When Bubbles Burst Tulips. Dot-coms. Hey, manias happen. But most don't lead to economic disaster. - June 11, 2001“. Money.cnn.com (2001-yil 11-iyun). Qaraldi: 2015-yil 6-mart.
  93. Bogan, Vicki „The Greater Fool Theory: What is it?“.
  94. Kindleberger (2011), p. 13
  95. „BUBBLES AND FRAUD. southpacgroup“. 2022-yil 28-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 28-dekabr.
  96. „What Is an Economic Bubble and How Does It Work, With Examples. Investopedia“.
  97. „Why Only One Top Banker Went to Jail. NY Times“.
  98. Froot, Kenneth A.; Obstfeld, Maurice (1991). "Intrinsic Bubbles: The Case of Stock Prices". American Economic Review 81: 1189—1214. doi:10.3386/w3091. https://archive.org/details/sim_american-economic-review_1991-12_81_5/page/1189.