Kontent qismiga oʻtish

Muzey

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
2024-yil 28-oktyabr, 17:03 dagi Ruslan Seitov (munozara | hissa) versiyasi
(farq) ←Avvalgi koʻrinishi | Hozirgi koʻrinishi (farq) | Yangiroq koʻrinishi→ (farq)
Muzey

Muzey (qadimgi yunoncha: μουσεῖον, musion — „muzalarga bagʻishlangan joy“) — tarixiy, moddiy va maʼnaviy yodgorliklarni toʻplash, saqlash, oʻrganish va targʻib qilish ishlarini amalga oshiruvchi ilmiy, ilmiy-maʼrifiy muassasa. Muzey xazinasida, asosan, moddiy va tasviriy narsalar, shuningdek, sanʼat asarlari jamlanadi, shu bilan birga yozma manbalar (qadimdan hozirgi davrgacha boʻlgan tarixiy qimmatga ega qoʻlyozmalar, bosma hujjatlar, kitoblar) saqlanadi.

Zamonaviy muzeylarning koʻplariga tadqiqot va taʼlim-tarbiyaviy vazifalarning bir butunligi xos. Muzeyning oʻziga xos ilmiy ommaviy va tarbiyaviy shakllari — ekspozitsiya, koʻrgazmalar. Zamonaviy ilmiy tasnifda muzey tur va sohalar boʻyicha farqlanadi. Ijtimoiy vazifasiga koʻra ilmiy tadqiqot-maʼrifat (muzeyning asosiy qismini tashkil etadi, baʼzan ular xalq muzeyi, ommaviy muzey deb ham ataladi), tadqiqot (ilmiy tadqiqot institutlari qoshida oʻziga xos laboratoriya vazifasini oʻtovchi) va oʻquv muzeyiga boʻlinadi. Sohalar boʻyicha tarix, qishloq xoʻjaligi, tabiatshunoslik, sanʼatshunoslik, adabiyot, texnikaga oid va boshqa muzeylarga boʻlinadi. Shuningdek, muzeyning memorial muzeylar, majmua oʻlkashunoslik kabi turlari bor.

Muzey katta ilmiy tadqiqiy va tarbiyaviy ishlarni olib boradi: toʻplamlarni butlaydi va oʻrganadi; ilmiy hujjatlarni tayyorlaydi, muzey ashyolarini saqlash va taʼmirlash tartibini yaratadi, monografiya, katalog, yoʻl-koʻrsatkichlar nashr etadi; zamonaviy muzeyshunoslik ishlab chiqqan ilmiy usul va metodologiya asosida ekspozitsiyalarda ilmiy tashviqotlar olib boradi. Tomoshabinlar bilan ishlashning eng muhim shakli ekskursiyadir.

Siyosiy, ilmiy, madaniy, iqtisodiy ehtiyojlarni qondiruvchi muzeyning paydo boʻlish tarixi uzoq qadimga borib taqaladi. Muzeyning oʻtmishdoshlari tabiat va ijtimoiy hayotdan olingan asl buyumlarni xoʻjalik maqsadlarida va moddiy boylik sifatida emas, balki memorial guvohnoma va estetik qimmatli asl narsalar sifatida saqlana boshlagan davrda yuzaga kelgan. Kritdagi Knos saroy xazinasi (miloddan avvalgi 16-asr), Vanlar saroyi va ink kohinlarining arxivi (miloddan avvalgi 13—12-asrlar, Xitoy), Nineviya saroy kutubxonasi (miloddan avvalgi l-z..) va boshqa shular jumlasidan. Kdsimdan ibodatxona, keyinroq xususiy toʻplamlarda (miloddan avvalgi 3-asrdan) asosan sanʼat asarlari jamlangan (Varres, Sulla galereyalari, Serviliy, Krase, Lukull, Pompei, Sezar va boshqa toʻplamlari). Vizantiya sobor va monastirlarida, keyinroq Fransiya, Italiya, Germaniya va boshqa mamlakatlar soborlarida turli xil toʻplamlar saqlangan. Yevropada ilmiy vazifalar yuklatilgan muzeyning paydo boʻlishi buyuk geografik kashfiyotlar, amalga oshayotgan davr — Uygʻonish davriga toʻgʻri keladi; bu davrda xayvonot va oʻsimlik dunyosi namunalari, minerallar, geodeziya va astronomiya asboblari, etnografik ahamiyatga ega narsalar jamlangan; tabiiy, ilmiy, etnografiya va tarixiybadiiy noyob narsalar jamlangan saroy toʻplamlari (kunstkameralar, myunskabinetlar va boshqa) shuxrat krzongan. Dastlab muzey va ular haqidagi dastlabki tavsiflar, shuningdek, muzeyshunoslik haqidagi nazariy asarlar ham shu davrda paydo boʻldi. Florensiya (L. Medichi, 15-asr), Rim (Vatikan muzeyi, 16-asr), Drezden (Avgust Saksonskiy, 16-asr) va boshqa joylardagi antik davr yodgorliklari toʻplamlari shu davrga mansub. 17—18-asrlarda keyinchalik koʻplari davlat milliy muzey negizini tashkil qilgan xususiy toʻplamlar (tarixiy, arxeologik, tabiatshunoslik, sanʼatshunoslik) shakllandi.

Oʻzbekistondagi muzeylar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonda muzey 19-asrning 2-yarmida tashkil etila boshlagan. 20-asr boshida Oʻzbekistonda faqat 3 muzey — Toshkent oʻlkashunoslik muzeyi (1876, hozirda Oʻzbekiston tarixi muzeyi), Samarqand xalq muzeyi (1896, hozirgi Akmal Ikromov nomidagi Oʻzbekiston xalqlari madaniyati va sanʼati tarixi muzeyi), Fargʻona xalq muzeyi (1899, hozirgi Fargʻona viloyat oʻlkashunoslik muzeyi) bor edi. Ularning toʻplamlari kam, ekspozitsiyalarining koʻpi tasodifiy materiallardan tashkil toptan. 20-asr 20-yillaridan turli sohadagi muzey tashkil etila boshladi. Muzeylar va madaniyat yodgorliklari davlat ixtiyoriga oʻtkazilib, muhofaza qilina boshlandi. Ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirilib, muzey uchun kolleksiyalar toʻplash ishi yoʻlga qoʻyildi, koʻplab muzey tashkil etildi. Hozir Oʻzbekistondagi muzeyning asosiy qismi Oʻzbekiston madaniyat ishlari vazirligi qaramogʻida. Yirik muzeylar: Oʻzbekiston tarixi muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Oʻzbekiston sanʼat muzeyi (1918), Akmal Ikromov nomidagi Oʻzbekiston xalqlari madaniyati va sanʼati tarixi muzeyi, Oʻzbekiston tabiat muzeyi (1876) va boshqalar. Respublikaning deyarli barcha viloyatlarida oʻlkashunoslik muzeyi, jahon ahamiyatiga molik memorial muzey bor.

Jahon muzeylari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Taʼlim-tarbiya va ilmiy vazifalarga ega boʻlgan muzey tizimi taraqqiyotiga obyektiv ehtiyojlar ortib bormoqda. AQSh, Italiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya va boshqa mamlakatlar eng taraqqiy etgan muzey tizimiga ega.

Muzeyning xalqaro maydonga chiqishi bilan ularning taʼsir doirasi kengayib bormoqda. Bunda koʻrgazmalar ayirboshlash birinchi oʻrinda turadi. Muzey jahonning turli mamlakatlariga oʻz xazinalarini yuboradi, ayni paytda chet mamlakatlarning koʻrgazmalarini oʻzlarida qabul qiladi va koʻrgazma hamda muzeyda namoyish etadi. Muzey xalqaro madaniy alokalarni kengaytirishga yordam bermoqda, milliy madaniyatlarning oʻzaro boyishi va xalqlar oʻrtasida hamfikrlikni rivojlantirishga katta hissa qoʻshmoqda.

Jahon muzeyi xalqaro tashkilotga birlashgan, UNESCO tarkibida „Muzeylar xalqaro kengashi“ (ICOM) mavjud, uning tarkibiga milliy muzeyning qoʻmitalari kirgan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil