Kontent qismiga oʻtish

Nabi Jaloliddin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
6-mart 2024, 09:49 dagi Alpasli (munozara | hissa) versiyasi
(farq) ←Avvalgi koʻrinishi | Hozirgi koʻrinishi (farq) | Yangiroq koʻrinishi→ (farq)
Nabi Jaloliddin
Tavalludi 2-may 1962-yil (1962-05-02) (62 yosh)
Andijon viloyati Izboskan tumani Jonobod qishlogʻi
Fuqaroligi Oʻzbekiston SSR Oʻzbek SSR
Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Taʼlimi Oʻzbekiston milliy universiteti jurnalistika fakulteti
Mashhur ishlari „Yalpizli kecha“ (1993)
"Hur nido" (1996)
"Oʻlimning rangi" (1998)
"Sen bilan qolmayman" (2002)
"Erkagi bor uy" (2005)
"Oraliq (Xayyom)"
"Tegirmon"
Mukofotlari [manba kerak]

Nabi Jaloliddin (1962-yil 2-may; Andijon viloyati, Izboskan tumani, Oʻzbekiston SSR) – yozuvchi, jurnalist, shoir, tarjimon, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi. Shuningdek, „Shuhrat“ medali sohibi (2020). Tarjimon oʻlaroq Albert Kamyuning „Kaligula“ asarini va Vasiliy Shukshinning „Men sizga erk bergani keldim“ romanini oʻzbek tiliga oʻgirgan. Choʻlpon haqidagi „Tegirmon“ hamda Umar Xayyomga bagʻishlangan „Oraliq (Xayyom)“ romani oʻquvchilari orasida mashhur.

Biografiyasi

Nabi Jaloliddin 1962-yil 2-may kuni Andijon viloyati Izboskan tumani Jonobod qishlogʻida tugʻilgan. U 5 yoshligida otasidan, 11 yoshligida esa onasidan ayrilgan. Dastlabki taʼlimini tumandagi Toʻrtkoʻl qishlogʻida joylashgan maktab-internatda olgan. 1981—1983-yillarda Afgʻon urushida ishtirok etgan. Urushdan qaytgach, bir muddat Rossiyaning Tomsk shahrida oʻqib kelgan. Keyin esa hozirgi Oʻzbekiston milliy universiteti jurnalistika fakultetida tahsil olgan.

Faoliyati

Nabi Jaloliddin dastlab turli kasblarda ishlagan. Jumladan, dastlab militsiya xodimi, maktabda oʻqituvchisi boʻlib faoliyat koʻrsatgan. XX asrning 90-yillari, yaʼni Toshkentdagi oʻqishi vaqtida jurnalistika sohasida faoliyatini boshlaydi. Oʻsha paytda ancha shov-shuvlarga sabab boʻlgan „Hurriyat“ gazetasi ochilishida qatnashadi. Keyinchalik Andijonga qaytib, mahalliy nashrlarda faoliyatini davom ettirgan. Jumladan, „Xolis“, „Hissador“, „Andijonnoma“ kabi gazetalarda turli lavozimlarda ishlaydi. 2018-yilda Toshkentga qaytib, Gʻafur Gʻulom nomidagi NMIUda muharrirlik qilib keladi.

Ijodi

Yozuvchi sifatida ilk qissasi „Oʻlimning rangi“ nashrdan chiqqach, yozuvchi Pirimqul Qodirov tomonidan eʼtirof etilgan (1998). Shoirning „Yalpizli kecha“ nomli ilk sheʼriy toʻplami ham eʼlon qilingan (1993). Shundan soʻng birin-ketin „Hur nido“ (1996), „Sen bilan qolmayman“ (2002), „Erkagi bor uy“ (2005) kabi sheʼriy hamda nasriy asarlari, „Oraliq (Xayyom)“ nomli tarixiy romani[1], Choʻlponga bagʻishlangan „Tegirmon“ romani nashr etilgan[2]. 2021-yilda chop etilgan „Urushning davomi“ romanida oʻzi ishtirok etgan Afgʻon urushi xotiralari bilan bogʻliq voqealar tasviri aks ettirilgan[3][4].

Tarjimalari

Nabi Jaloliddin Albert Kamyuning „Kaligula“ asarini va Vasiliy Shukshinning „Men sizga erk bergani keldim“ romanini oʻzbek tiliga tarjima qilgan[5].

Mukofotlari

2020-yil Nabi Jaloliddin „Shuhrat“ medali bilan taqdirlangan[6].

Manbalar