Texnik gazlama
Texnik gazlama — mashinalar, qurilmalar, inshootlarning qismlari, turlituman texnika buyumlari tayyorlashda ishlatiladigan toʻqimachilik matolari. Deyarli barcha toʻqimachilik tolalari va iplaridan toʻqiladi. T.g. sifatida baʼzi maishiy matolar (mas., doka, mitkal, sarja) ham ishlatilishi mumkin. Bulardan chizmachilik kalkalari, qistirmalar, mashina oʻrindiklarining gʻiloflari tayyorlanadi. T.g.larga maishiy gazlamalarga nisbatan yuqoriroq talablar quyiladi. Koʻpchilik T.g.lar polotnoli oʻrilishda (qarang Oʻrilish) bir va koʻp qatlamli qilib tayyorlanadi, chunki bu oʻrilishda arqoq bilan tanda orasidagi bogʻlanish mustahkamroq boʻladi (qarang Toʻkimachilik). Eng keng tarqalgan T.g.lar: brezent, kirza, kordbop, tasmabop, transportyorbop matolar, oʻt oʻchirish yenglari tayyorlanadigan mato, presslash va filtrlash (suzish) matolari. Bulardan tashqari, parashyutlar, puflama inshootlarning qobiklari, tentlar (soyabonlar), sunʼiy charm, elaklar tayyorlanadigan matolar ham T.g. jumlasiga kiradi. Baʼzi sanoat tarmoqlarida T.g. oʻrniga sintetik plyonkalar ishlatiladi. Oʻzbekistonda T.g.larning barcha turlari ishlab chiqariladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |