Meteorologiya (qadim. yun. μετά — „nari“, „keyin“, ἀείρω — „havolataman“, -λογία — „oʻqish-oʻrganish“; „havodagini oʻrganish“) atmosferani oʻrganuvchi fan sohalari majmuidir. Unga ming yillar ilgari asos solingan boʻlsa-da, XVIII asrgacha meteorologiyada tayinli ilgʻorlanish boʻlmagan. XIX asrda kuzatuv tarmoqlari rivojlanishi ayniqsa jabhaga ijobiy taʼsir qildi. XX asr ikkinchi yarmida axborot texnologiyalari jadallashuvi va Yer atmosferasini fazodan kuzatish imkoni paydo boʻlishi ortidan ob-havo bashoratida katta taraqqiyot sodir boʻldi.

Hugo toʻfoni satellit surati, 1989. Yuqori oʻng burchakda qutb depressiyasi koʻrinadi.

Meteorologiya (yun. meteora — atmosfera va osmon hodisalari va ...logiya) -— Yer atmosferasi va unda sodir boʻladigan fizik jarayonlarni oʻrganadigan fan. M.ning asosiy boʻlimi — atmosfera fizikasi. Atmosferadagi kimyoviy jarayonlarni kimyo atmosferasi, atmosfera omillarining biologik jarayonlarga taʼsirini biometeorologiya oʻrganadi. Atmosfera Yer sirti bilan doimo oʻzaro taʼsirda boʻlgani uchun M., shuningdek, suv havzalarining ustki qatlami va tuproqning issiklik rejimi, havoning tuproq yoki suv bilan issiklik almashuvi, bugʻlanish va boshqalarni oʻrganadi. Atmosfera uchun birdanbir energiya manbai boʻlgan Quyosh nuri oqimi masalalari bilan ham shugʻullanadi. Atmosfera hodisalarini oʻrganishda M.da fizikaning turli sohalarida, jumladan, gidromexanika, termodinamika va boshqalarda qoʻllaniladigan umumiy qrnunlardan foydalaniladi. Ayni paytda atmosfera jarayonlari sodir boʻlayotgan geografik holat inobatga olinadi. Shu sababli, M. geofizika fani majmuiga kiradi. M.ning kattagina boʻlimi iqlim masalalariga bagʻishlangan boʻlib, alohida fan sifatida iqlimshunoslik nomini olgan. Atmosferaning yuqori qatlamlari fizikasi va kimyosi bilan aeronomiya boʻlimi shugʻullanadi. M.ning bir qancha mustaqil tarmoqlari mavjud boʻlib, bularga — aktinometriya, dinamik meteorologiya, sinoptik meteorologiya, atmosfera optikasi, atmosfera elek-tri, aerologiya va boshqa kiradi. Shuningdek, M. amaliy va nazariy M.ga boʻlinadi. Bundan tashqari, biror sohaga xizmat qiladigan tarmoq M.si mavjud. Bularga aviatsiya, q.h., tibbiyot, kosmik, yadro, dengiz meteorologiyasi va boshqa kiradi va, koʻpincha, ular umumlashtirilib tatbiqiy (amaliy) M. nomi bilan yuritiladi.

M. insonning amaliy faoliyati natijasida vujudga kelgan, ishlab chiqaruvchi kuchlarning oʻsishi, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning oʻzgarishi va tabiiy fanlarning ravnaq topishi bilan bogʻliq holda rivojlandi. M. sohasidagi dastlabki tadqiqotlar antik davrga oiddir. Qad. madaniyatga ega boʻlgan mamlakatlar (Xitoy, Hindiston, Misr va boshqalar) da meteorologik kuzatishlar juda koʻp yillar ilgari olib borilgan. Zamonaviy ilmiy M. asosi faqat 17-asrga tegishli deyish mumkin. 17-asrning 1-yarmida G. Galiley va E. Torrichelli barometr va termometrii ixtiro qilganlaridan keyin M. tez rivojlana boshladi. 17—18-asrlarda M. mustaqil fan sifatida tarkib topdi. 17-asr ning oxiri va 18-asrning 1-yarmida atmosfera hodisalarini nazariy tu-shuntirishda va miqdoriy qonuniyatlarini aniqlashda baʼzi tajribalar, jumladan, E. Galley (1735) ning passat va mussonlar nazariyasi, birinchi barometrik formulasini, P. Buger (1729)ning atmosferada radiatsiyaning kuchsizlanish krnuni va boshqalarni aniqlashda baʼzi tajribalar oʻtkazildi. 18-asrning oʻrtalarida rus olimlari M. V. Lomonosov va G. V. Rixman, amerikalik olim V. Franklin tomonidan atmosfera elektri boʻyicha tajribalar oʻtkazildi. 19-asrning boshlarida A. Gumboldt Yerning birinchi iqlim haritasini tuzdi. Jahonda dastlabki Bosh fizika (hozirda geofizik) rasadxonasi 1849-yilda Peterburgda tashkil etildi. 19-asrning oʻrtalarida Antarktidadan boshqa barcha qitʼalarda meteorologik stansiya davlat tarmogi tashkil etilib boʻlgan edi. Bu davrda mu-him meteorologik asboblar, temperatura oʻlchovidan namlikni aniqlaydigan Avgust psixrometri (1825), kosali barometr, aneroid (1847), termograf, aktinometr yaratildi. U paytlarda M. fizika fani sifatida rivojlandi, lekin tadqiqotlar kuzatish materiallarini statistik tahlil yoʻnalishi boʻyicha olib borildi.

M.ning yangi davri sinoptik usullarning taraqqiyoti bilan boshlanadi. Obhavo xizmati tuzildi. 19-asrning 50-yillarida ingliz gidrografi va meteorologi R.Fitsroy va fransuz olimi U. Leveryelar elektrik telegrafdan foydalanib, obhavoni prognoz qilish maqsadida amaliyotda kundalik obhavo haritasini tuzishni tatbiq etdilar. Sinoptik M. bilan bir vaqtda dinamik M. ham rivojlana bordi. M. rivojlanishida 20-asrning 30-yillarida atmosferaning yuqori qatlamlarini oʻrganishda radiozondlarning uchirilishi muhim oʻrin tutadi. Bu davrda obhavoni oʻrganishda aviatsiya xizmatiga talab orta boshladi. Meteorologik kuzatish tarmoqlari va xizmati okeanlarga, tropik mintaqa, Arktika va Antarktikada keng yoyila boshladi. Obhavo haritalarini va boshqa materiallarni faksimil uzatishda telealoqadan foydalanish kengaydi; avtomatik meteorologik stansiyalar paydo boʻldi; meteorologiya maqsadida radiolokatsiya, raketa snaryadlari va boshqa tatbiq etila boshlandi. Obhavo hodisalariga faol taʼsir etish ishlari ham rivojlandi.

M. Oʻzbekistonda 1921-yilda Toshkentda Turkiston meteorologiya instituti (Turkmet) tashkil etilgandan keyin rivojlana boshladi. Shu yilning kuzida Turkmetda sinoptika boʻlimi tashkil etilib, obhavo maʼlumotlariga ega boʻlgan byulletenning 1nashrini chiqara boshladi va Turkiston hududi boʻyicha sifatli kundalik prognoz tay-yorlashga kirishdi. 1925-yildan bu institut Oʻrta Osiyo meteorologiya instituti (Sredazmet) deb atala boshlandi. 1927-yil noyabr oyidan oʻzining bosmaxonasida oylik obhavo meteorologiya byulletenini muntazam ravishda nashr eta boshladi.

Xalq xoʻjaligining rivojlanishi meteorologik taʼminotni qishloq xoʻjaligi, chorvachilik, irrigatsiya, aviatsiya va uning boshqa tarmoqlari uchun kengaytirish talabini qoʻydi. Yangi talablarga muvofiq, Gidrometxizmatni qayta tashkil etish va yangi boʻlimlar bunyod etish amalga oshirildi, ular bajaradigan ish doiralari kengaytirildi va tadqiqot ishlari kuchaytirildi. Oʻzbekistonlik olimlar va amaliyotchilar faqatgina shu xudud gidrometeorologiyasini batafsil oʻrganibgina qolmay, balki M. fani sohasida umumjahon bilimga katta hissa qoʻshdilar.

M.ning hozirgi bosqichida fizika va texnikaning yangi yutuklari — radiolokatsiya usullari, meteorologik yoʻldoshlar, elektron hisoblash mashinalari va boshqa keng koʻllanilmoqda. M. sohasida ilmiy va amaliy ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi gidrometeorologik Bosh boshqarmasida, Oʻzbekiston milliy universitetining fizika va geogr. fakultetlari va boshqalarda olib borilmoqda.

Adabiyot

tahrir
  • Tverskoy P.N., Kurs meteorologii (fizika atmosferi), L., 1962; Xromov S. P., Meteorologiya i klimatologiya dlya geograficheskix fakultetov, L., 1964; Xromov S. P., Mamontova L. I., Meteorologicheskiy slovar, L., 1974; Zverev A.S., Sinopticheskaya meteorologiya, L., 1977.

Tohir Muxtorov.[1]

Meteorologiya ob-havo hodisalarini oʻrganadi, izohlaydi va bashorat qilishga urinadi. Bu hodisalar Yer atmosferasiga xos oʻzgaruvchan faktorlar: harorat, havo bosimi, suv bugʻi va ularning oʻzaro turli darajada taʼsirlanishi vaqt oʻtishi bilan oʻzgarishiga bogʻliq. Atmosfera fenomenlari turli miqyoslarda: mahalliy, mintaqaviy va global tizimlarda ob-havo va iqlimga qanday taʼsir qilishi oʻrganiladi.

Meteorologiya, iqlimshunoslik, atmosfera fizikasi va kimyosi atmosfera fanlari ichiga kiradi. Meteorologiya va gidrologiya chatishmasi esa gidrometeorologiya sohasini hosil qilgan.

Meteorologiya harb, logistika, ziroatchilik, qurilish, transport kabi soha va faoliyatlar uchun juda muhimdir.

Havolalar

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil