“Kapital” (toʻliq nomi — “Kapital. Siyosiy iqtisodning tanqidi”, nemischa: Das Kapital. Kritik der politischen Ökonomie) — nemis faylasufi va iqtisodchisi Karl Marksning siyosiy iqtisod boʻyicha asosiy asari boʻlib, unda kapitalizmning tanqidiy tahlili berilgan. Asar, jumladan tarixiy jarayonlarga nisbatan ham dialektik materializm yondashuvidan foydalangan holda yozilgan. Marks, ehtimol, siyosiy iqtisod tanqidchisi sifatida eng mashhur shaxslardan biridir[1].

Kapital. Siyosiy iqtisodning tanqidi

“Kapital” birinchi jildining birinchi nashri muqovasi
Asl nomi Das Kapital. Kritik der politischen Ökonomie
Muallif(lar) Karl Marx

Yaratilishi

tahrir
 
Karl Marx, “Kapital” muallifi

1848-yilgacha Marksning ishlari falsafiy xarakterga ega boʻlgan. 1848-1849-yillarda Germaniyadagi inqilob muvaffaqiyatsizligidan keyin u Londonga koʻchib oʻtadi va iqtisodiy tadqiqotlarga kirishadi, natijada tugallanmagan “Kapital” yuzaga keladi[2].

1877-yil 3-noyabrda Zigmund Shottga yozgan maktubida[3] Marks oʻz asarining turli qismlarini bir vaqtning oʻzida yozayotganini qayd etgan. U “Kapital”ni teskari tartibda yozishni boshlagan: avval qoʻshimcha qiymat nazariyalariga bagʻishlangan uchinchi qismdan (Engels tomonidan nashr qilinmagan “Kapital”ning oxirgi jildi) boshlagan boʻlsa, nashr etilgan birinchi jildni oxirgi navbatda yozishga kirishgan va uni tezda chop etishga tayyorlagan.

 
F. Engels, “Kapital”ning ikkinchi va uchinchi jildlarini tayyorlagan
 
K. Kautskiy, “Kapital”ning toʻrtinchi jildini oxiriga yetkazgan

“Kapital ishlab chiqarish jarayoni” deb nomlanuvchi birinchi jild ilk bor 1867-yilda 1000 nusxada nashr etilgan, ushbu tom 1859-yilda chop etilgan “Siyosiy iqtisod tanqidiga” asarining kengaytirilgan va qayta ishlangan variantidir. Marks vafotidan keyin Fridrix Engels tayyorlangan parchalar va qoʻlyozmalardan ikki keyingi jildni tuzadi: “Kapital aylanish jarayoni” (1885) va “Kapitalistik ishlab chiqarish jarayoni, umumiy qilib olganda” (1894), ular dastlab bir nechta kitobdan iborat boʻlgan ikkinchi jildni tashkil etishi kerak edi. Engelsning vafoti “Kapital”ning yakuniy jildi boʻlmish “Qoʻshimcha qiymat nazariyalari”ni (hozirgi tartibda toʻrtinchi, Marksning tartibida uchinchi) chop etishga tayyorlashiga xalaqit beradi va bu jild birinchi marta 1905-1910-yillarda Karl Kautskiy tomonidan chop etiladi (u ham toʻrtinchi jildga sezilarli oʻzgartirishlar kiritgan).

Marksist iqtisodchilar tomonidan “Kapital”ning baholanishi

tahrir

Karl Marks gʻoyalarning ilmiy yangiligi

tahrir

Marks Adam Smit va David Rikardo gʻoyalariga tayangan. Aynan bu ingliz iqtisodchilari mehnatning qiymat tabiatini shakllantirganlar.

Marks “qoʻshimcha qiymat” deb atagan mahsulot qiymatining bir qismi tushunchasi Marksdan ancha oldin yaratilgan. Shuningdek, qoʻshimcha qiymat mehnat ekspluatatori tomonidan oʻzlashtirilgan va haaqi toʻlanmagan mehnat mahsuloti ekanligi aniqlangan edi. Ammo bu nuqtadan nariga oʻtilmagan edi. Bir tomondan klassik iqtisodchilar asosan mahsulotning mehnat va ishlab chiqarish vositalari oʻrtasida taqsimlanishi miqdoriy nisbatini oʻrgangan. Ikkinchi tomondan sotsialistlar bu taqsimotni adolatsiz deb bilib, adolatni tiklash yoʻllarini izlagan. Ammo ikkalasi ham iqtisodiy kategoriyalarning chegaralarida qolib ketgaan boʻlib, bu ziddiyatlarni hal etishga imkon bermagan.

Qoʻshimcha qiymat nima ekanligini tushunish uchun avvalambor ʼʼqiymatʼʼ nima ekanligini bilish kerak edi. Buning uchun Rikardo mehnat qiymati nazariyasini tanqid qilish talab etildi. Smit va Rikardodan soʻng, Marks qiymatni yaratish nuqtai nazaridan mehnatni koʻrib chiqadi. U qanday mehnat nima uchun va qanday qilib qiymat yaratishini oʻrganadi. Marks qiymat umuman ish vaqtining kristallangan shakli ekanini taʼkidlaydi. Marks tovar va pul oʻrtasidagi munosabatni oʻrganib chiqadi hamda tovar va tovar ayirboshlashning pularni qanday va nima uchun vujudga keltirishini koʻrsatadi. Shu asosda yaratilgan nazariya pulning birinchi toʻliq nazariyasidir va endi keng tan olingan. Marks pullarning kapitalga aylanishini oʻrganadi va buning yollanma ishchilardan foydalanishga asoslanganini isbotlaydi. Rikardo maktabining halokatiga olib kelgan ziddiyatlardan biri: oʻzaro ekvivalent mehnat ayirboshlashni Rikardoning mehnat orqali shakllanadigam qiymati bilan kelishtirishning iloji yoʻq edi. Tovar ayirboshlashda “mehnat” kategoriyasini “mehnat kuchi” (mehnat qobiliyati) kategoriyasiga almashtirib, Marks bu ziddiyatlarni ochib beradi.

Kapitalni doimiy va oʻzgaruvchan qismlarga boʻlish orqali Marks qoʻshimcha qiymat yaratilish jarayonini tushuntirishga muvaffaq boʻladi, bu oldingi iqtisodchilarning eplay olmagan ishi edi. Bu boʻlinish koʻplab iqtisodiy muammolarni hal qilish kalitini beradi.

Marks qoʻshimcha qiymatni alohida oʻrganib chiqadi va uning ikki shaklini ajratib koʻrsatadi: mutlaq va nisbiy qoʻshimcha qiymat. Marks ularning kapitalistik ishlab chiqarishning tarixiy rivojlanishidagi rolini koʻrsatdi. Qoʻshimcha qiymat nazariyasiga asoslanib, u ish haqi nazariyasini ishlab chiqadi va birinchi marta kapitalistik jamgʻarma tarixining asosiy jihatlarini tasvirlab berdi, uning tarixiy tendensiyalarini koʻrsatdi.

Rikardo maktabining Marks tomonidan hal qilingan muammolari

tahrir

Birinchidan, Rikardoga koʻra, mehnat qiymat oʻlchovidir. Demak, bir mehnat boshqa mehnatning ekvivalent miqdoriga almashtirilishi kerak. Ammo tirik mehnat kapital qismlaridan biri (maosh shaklida) sifatida almashganda, bu mehnat mahsulotda ifodalangan qiymatdan kamroq qiymatga ega boʻladi. Tirik mehnatning maʼlum miqdorining qiymati boʻlmish maosh har doim tirik mehnat bilan ishlab chiqarilgan mahsulotning qiymatidan kamroqdir. Bunday terminologiyada bu masala haqiqatdan ham hal etilmasligi mumkin. Marks bunga quyidagicha javob beradi. Mehnatning oʻzi qiymatga ega emas. Mehnat - bu jarayon, faoliyat, bu qiymat yaratiladigan jarayondir, huddi tortish kuchining oʻzi ogʻirlikka ega emas, lekin tortish kuchi barcha narsalarning ogʻirligini hosil qiladigan kuch ekanligiday. Mehnat tovar sifatida sotilmaydi va sotib olinmaydi, balki alohida tovar - ish kuchi sotib olinadi. Uning qiymati uni ishlab chiqarish va qayta ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan ijtimoiy mehnatga teng. Demak, bunday qiymat asosida ish kuchini sotib olish va sotish qiymat qonuniga zid emas.

Ikkinchidan, Rikardoga koʻra, teng miqdorda va bir xil toʻlanadigan tirik mehnat qoʻllaydigan ikki kapital, barcha boshqa sharoitlar teng deb faraz qilinsa, teng vaqt ichida teng qiymatli mahsulotlar va teng miqdorda qoʻshimcha qiymat yoki foyda hosil qiladi. Agar ular turli miqdordagi tirik mehnat qoʻllasa, ular teng miqdorda qoʻshimcha qiymat (foyda) hosil qila olmaydi. Ammo haqiqatda teng miqdorda kapital, ular qanchalik koʻp yoki kam tirik mehnat qoʻllashlaridan qatʼi nazar, teng vaqt ichida oʻrtacha teng foyda hosil qiladi. Bu ziddiyatni Marks “Kapital”ning 3-jildida hal qiladi.

“Kapital”ning boshqa maktab iqtisodchilari tomonidan bahosi

tahrir

“Kapital”ning uchinchi jildi nashr etilgandan soʻng O. Böm-Baverk Marks konsepsiyasini ikkinchi va uchinchi jildlar oʻrtasida nomuvofiqlik mavjudligi uchun tanqid qiladi (birinchi jildda barcha tovarlar doimo mehnat xarajatlariga muvofiq almashinadi deyilsa, uchinchi jildda haqiqiy iqtisodiyotda almashuv asoslari ishlab chiqarish xarajatlari ekanligi tan olinadi, ular odatda mehnat xarajatlariga teng emasligi aytiladi). Shu bilan birga, Böm-Baverk Marks tomonidan qurilgan vositachilik zanjirlarini eʼtiborsiz qoldiradi - Marks yakuniy isteʼmolchi va oraliq ishlab chiqarish-taqsimlash zanjiri uchun tovar narxlari haqida turli xil gapiradi. Har qanday aniq rivojlanayotgan tizim oʻz-oʻzini rivojlantirish manbai sifatida ziddiyatni oʻz ichiga oladi[4].

Ikkinchi jilddagi oddiy va kengaytirilgan replikatsiya sxemalari Marksning iqtisodiy faniga qoʻshgan asosiy hissasi sifatida qabul qilinadi. J. Schumpeter Marksning bu sxemalarda kapitalistik jarayonning aniq modelini ishlab chiqishga urinishlaridan birinchi boʻlganini taʼkidlaydi[5].

Manbalar

tahrir
  1. Conttren, V. (2022). "István Mészáros: The Critique of Political Economy" (en). Social Structure and Forms of Consciousness 1: 317-331. doi:10.17605/OSF.IO/65MXD. https://osf.io/65mxd/. 
  2. Lyubutin, Konstantin Nikolaevich (2004). "О философии Маркса, о философии Энгельса". Философия и общество (1). ISSN 1681-4339. https://cyberleninka.ru/article/n/o-filosofii-marksa-o-filosofii-engelsa. 
  3. „МАРКС — ЗИГМУНДУ ШОТТУ ВО ФРАНКФУРТ-НА-МАЙНЕ Лондон, 3 ноября 1877 г.“. 2020-yil 27-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 1-oktyabr.
  4. Ilyenkov, Evald Vasilievich. Собрание сочинений. Т. 4, 2020 — 423-430 bet. 
  5. Schumpeter, Joseph. История экономического анализа. Т. 2.