Ibrat
Ushbu sahifani Isʼhoqxon Ibrat bilan birlashtirish taklif etiladi. (munozara) |
Ibrat (taxallusi; asl ism sharifi Is'hoqxon Junaydullaxoʻja oʻgʻli) (1861, Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumani — 1937, Andijon) — oʻzbek maʼrifatparvari, shoir. Qoʻqondagi Muhammad Siddiq Tunqotar madrasasida oʻqigan (1878—86). 1887—92-yil larda Istanbul, Sofiya, Afina, Rim, Kobul va Jidda shaharlarida boʻlgan. Hindistonning Bombey va Kalkutta shaharlarida yashagan (1892—96). Safardan qaytgach, Toʻraqoʻrgʻonda yangi usul maktabini ochgan (1907), oʻz qishlogʻida „Matbaai Is'hoqiya“ nomli litografiya tashkil qilgan (1908). Yangi maktablar ochish, oʻqituvchilar tayyorlash, ayollarni ilm-maʼrifatli qilish ishlarida faol qatnashgan. Oʻz sheʼrlari („Tarixi chopxona“, „Madaniyat haqida masnaviy“, „Gazeta xususida“, „Qalam“)da mahalliy va chor amaldorlari kirdikorlarini fosh etgan („Ilmi Ibrat“, sheʼriy toʻplam, 1909). Ibrat arab, fors, hind, turk, oʻzbek va rus soʻzlaridan tarkib topgan „Lugʻat sitta as-sina“(„Olti tilli lugʻat“, T., 1901) tuzgan, bu asar oʻsha davr uchun katta ahamiyatga ega boʻlgan. Ibratning yozuvlar tarixiga oid „Jomeʼ ulhutut“ („Xatlar majmui“, 1912) asarida lotin, yunon, xitoy, qind, arab, Kirill yozuvining kelib chiqishi, rivojlanish tarixi haqida maʼlumot berilgan, ilmiy-tarixiy asarlari („Tarixi Fargʻona“, 1916; „Tarixi madaniyat“, 1925; „Mezon uz-zamon“, 1926) esa Qoʻqon xonligining vujudga kelishidan to 20-asrning 30-yillarigacha boʻlgan davrni oʻz ichiga olgan.
„Turkiston viloyati gazeti“, „Sadoi Turkiston“, „Sadoi Fargʻona“ gazetalariga yozgan maqolalarida fan, maʼrifat va madaniyatni targʻib etgan. 1937-yilda qatagʻon qurboni boʻlgan. Namangan viloyati Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 14-oʻrta maktab va Toshkentdagi bir koʻchaga Ibrat nomi berilgan.[1]
Manbalar
tahrirBu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |