Nurash
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Nurash — atmosferaning fizik-kimyoviy, yer osti va yer usti suvlari hamda organizmlarning taʼsirida yer yuzidagi tog jinslari va minerallarning buzilish va yemirilish jarayoni. Nurashning fizik, kimyoviy va organik turlari maʼlum. Sodir boʻlish muhitiga koʻra, atmosfera va suv osti N. farqlanadi. Fizik N. temperaturaning keskin oʻzgarib turishi va tog jinslarining quyosh nuridan har xil qizishi sababli katta-kichik boʻlaklarga boʻlinishidir. Bunda nuragan tog jinsini tashkil etuvchi minerallarning kimyoviy tarkibi deyarli oʻzgarmaydi. Togʻ jinslarida koʻplab yoriklarning boʻlishi va suvning muzlab qolishi fizik N.ni tezlashtiradi. Suv muzlaganda hajmi kengayib, yoriq devorlarining 1 sm2 yuzasiga taʼsir etgan kuchi 870 kg ga yetadi. Bunday Nurash yalang togʻ jinslarida, baland togʻlarda yilning hamma faslida sodir boʻladi. Natijada chaqiq jinslar uyumi hosil boʻladi. Yemirilgan jinslar zarrachalarining kattaligi 0,01 mm gacha yetishi mumkin.
Kimyoviy N.da togʻ jinslarining kimyoviy tarkibi oʻzgarib yer yuzasida barqaror minerallar hosil boʻladi. Togʻ jinslari yoriklaridagi erkin kislorod, karbonat, sulfat va organik kislotalarga boy boʻlgan suv oksidlanish va qaytarilish reduksiyalariga sabab boʻladi. Kimyoviy N. natijasida turli togʻ jinslari, gillar hosil boʻladi.
Organik (biologik) N. oʻsimlik va organizmlarning togʻ jinslariga taʼsiri natijasida sodir boʻladi. Bunda yer yuzasidagi oʻsimliklar asosiy omillardan hisoblanadi. Oʻsimliklarning ildizi togʻ jinslari orasiga yorib kirib, ularni turli boʻlaklarga ajra-tadi va darzlarni kengaytiradi. Chirigan ildizlardan kirgan suv togʻ jinslarida muzlab, N. jarayonini tezlashtiradi. Yerdagi mikroorganizmlar gil va lyoss jinslari orasida koʻp miqdorda gʻovaklar hosil qilib ularni yemi-radi. N. jarayoni natijasida turli choʻkindi jinslar va koʻpgina foydali qazilmalar (kaolin, oxra, oʻtga chidamli tuproklar, qum, temir, alyuminiy, marganets, nikel, kobalt, oltin, platina sochmalari va boshqalar) hosil boʻladi.[1]
Manbalar
editUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |