Kanop (Hibiscus cannabinus) — gʻoʻzadoshlar oilasiga mansub lub tolali bir yillik oʻsimlik, tolasi uchun ekiladigan ekin hisoblanadi. Kanop yovvoyi holda Janubiy Afrikada va Markaziy Hindistonda uchraydi. Vatani — Hindiston. Eron, Xitoy, Yava va Sumatra orollarida, Afrika, Amerika (AQSH, Braziliya, Kuba), Rossiyaning janubda ekiladi. Oʻzbekistonda 20-asrning 30-yillaridan boshlab ekiladi (1925-yilda Sirdaryo viloyatida tadqiqot maqsadlarida 275 ga maydonga ekilgan, hosildorlik 3 s/ga ni tashkil qilgan). Kanop o'simligi O'zbekistonda kam ekilgani uchun kanop tolasi mahalliy material hisoblanadi. Tabiiy tolalardan biri bo'lgan kanop tolasi oq rangli ,yumashoq ,juda toza va pishiq bo'ladi . Kanop o'simligining xalq xo'jaligidagi ahamiyati juda katta .Qop kanopbop materiallar to'qishda ,arqon va kanop iplar tayyorlashda ,texnikaviy materiallar ,mebelbop materiallar va gilamlar to'qishda kanop tolasidan keng foydalaniladi.

Kanop Marfalogiyasi.Kanop- o'q ildiz,yaxshi rivojangan ,asosiy ildizi yo'g'onlashgan tuproqning yuza qatlamida (30-40)sm joylashgan .Kanopning oʻq ildizi tuproqqa 1,5–2 m chuqurlikka kirib boradi. Sugʻoriladigan yerlarda ildizning asosiy qismi 30—50 sm chuqurlikda taraladi. Poyasi tik oʻsadi,ko'ndalang kesimi yumaloq,qovurg'ali bo'ladi. Rangi yashil, tukli. Boʻyi 1,5—3,5 m gacha,yaxshi sharoitda 5m gacha o'sadi , uchki tomoni shoxlanadi.Poyaning diametri pastdan yuqoriga 25 mm dan 8mm gacha bo'ladi.Tola olish uchun poya diametri 13- 15mm bo'lishi kerak . Barglari yirik, barg bandlari uzun. Gullari yirik, och sariq (deyarli oq) qisqa bandli (5–7 mm), barg qoʻltigʻida joylashadi. Mevasi 5 uyali tuxumsimon koʻsakcha, uz. 2,5 sm, eni 1—2 sm, har bir uyada 2—3 ta urugʻi bor. Urugʻi 3 qirrali, toʻq kulrang. 1000 tasining vazni 18—24 g, uz. 3–5 mm, eni 2,5–4 mm. K. namga, haroratga va yorugʻlikka talabchan. Oʻsish davri 124—145 kun. K. urugʻi tarkibida 18—20% texnika moyi bor. Moyi lok-boʻyoq sanoatida, sovun tayyorlashda ishlatiladi. Kuruq poyasidan 16—20% toʻqishga yaroqli tola olinadi (qarang Kanop tolasi).

Kanop almashlab ekishda kuzgi bugʻdoy, dukkakli don, bedadan keyin ekiladi. Ekishdan avval yer kuzda 28—30 sm chuqurlikda shudgor qilinadi. 50x10—12 mm sxemada, urugʻ olish uchun qator orasi 60 sm qilib yakka qatorlab ekiladi. Poya olish uchun 30—35 ga kg/ga urugʻ sarflanadi (yaganalangandan soʻng koʻchat qalinligi 160—180 ming tup/ga). Urugʻ olish uchun 10–12 kg/ga urugʻlik sarflanadi. Urugʻ 4—6 sm chuqurlikka koʻmiladi. Ekinni parvarish qilish, qatqaloqqa qarshi kurash, qator oralarini ishlash, oziqlantirish va sugʻorishdan iborat. Vegetatsiya davrida 4—5 marta kultivatsiya qilinadi, 2 marta oziqlantiriladi. K. suvga talabchan. Yer osti suvlari 1,0— 1,5 pastda joylashgan oʻtloqi-botqoqi tuproqlarda 5—7 marta, yer osti suvlari chuqur joylashgan tuproklarda 8— 10 marta sugʻoriladi1. Sugʻorish normasi 800-1000 m3/ga.

Kanop oʻrtacha 1 ga yerdan 100—120 s koʻk poya va 4—5 s urugʻ beradi. Oʻzbekistonning sugʻoriladigan yerlarida yuqori agrotexnikani qoʻllab 150—180 s/ga koʻk poya va 8—9 s urugʻ olish mumkin.

Navlari: Oʻzbekistonda "Oʻzbekiston-3876", "Oʻzbekiston-2142", "Kuban-338" navlari ekiladi.

Zararkunandalari: tunlamlar, lavlagi qandalasi, bitlar, tripslar vab. Kasalliklari: poyaning kulrang chirishi, alternariozlar.

Hapima Otaboyeva.[1]

Manbalar

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil